Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Oʼzbekiston hududining mayda masshtabli risk xaritasi ishlab chiqildi


Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Oʼzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4794-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti tomonidan Oʼzbekiston hududining mayda masshtabli risk xaritasi ishlab chiqildi.

 

Bugun, 24-dekabr kuni Seysmologiya institutida ushbu xaritaning taqdimoti oʼtkazildi. Unda yetakchi olimlar, Vazirlar Mahkamasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi, Аrxitektura va qurilishi instituti, Geologiya va geofizika instituti, Oʼzbekiston Milliy universiteti, Turin politexnika universiteti, Toshkent transport universiteti, Toshkent davlat texnika universtiteti vakillari ishtirok etdi.

  

Tarixiy va instrumental maʼlumotlarga koʼra, respublika hududida MSK-64 shkalasi boʼyicha 7, 8 va 9 ball silkinishli zilzilalar qayd etilgan. Binobarin, ushbu hududlar uchun kelajakda shunga oʼxshash hodisalarning takrorlanish ehtimoli yuqori. Bu iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik oqibatlarning yuzaga kelish ehtimolini koʼrsatadi.

Institut tomonidan ishlab chiqilgan mazkur xarita aholi va hududning seysmik xavfsizligi boʼyicha zamonaviy talablarga javob beradi.

Oʼzbekiston Respublikasi hududi uchun seysmik xavf xaritasini ishlab chiqish uchun GIS platformalari asosida bir nechta maʼlumotlar bazalari yaratilgan boʼlib, ular seysmik xavf, binolar soni va ularning konstruksiya turlari toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni mintaqaviy taqsimlashni tizimlashtirish, binolar va umuman turar-joy binolarining seysmik zaifligi, shuningdek, binolarning kadastr qiymatini baholash imkonini beradi.

Xarita respublikaning maʼmuriy hududlari doirasida yuzaga kelishi mumkin boʼlgan iqtisodiy zararni seysmik xavflilik, seysmik zaiflik va noldan yuzlab darajagacha boʼlgan qiymatlar konsentratsiyasi kombinatsiyasida baholashga asoslanadi.

Ushbu xaritani ishlab chiqishda boshqa mamlakatlar, xususan, Germaniya, Italiya, Rossiya, Xitoy, Moldova, Armaniston va boshqalarda qoʼllaniladigan seysmik xavfni baholash va xaritalashning mavjud tajribalari oʼrganildi.

Oʼzbekiston Respublikasi hududining seysmik xavf xaritalaridan Oʼzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash boʼyicha profilaktika chora-tadbirlarini ishlab chiqishda foydalaniladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!