Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Margarita Ivanovna Filanovichning Toshkent shahri merosini o’rganishga qo’shgan hissasi


Toshkent shahrining qulay tabiati tufayli qadimgi tosh davridan odamlar tomonidan oʼzlashtirilib kelingan. Bu hududda miloddan oldingi 3-2 ming yilliklarda koʼchmanchi chorvadorlar yashagan, miloddan oldingi 2-ming yillikning 2-yarmidan oʼtroq dehqonlarning qishloqlari paydo boʼlgan. Miloddan oldingi 3 – 2-asrdan boshlab esa shaharchilikka asos solina boshlagan. Keyingi davrlarda qishloq va shaharlarning, alohida qoʼrgʼonlarining soni koʼpayib borgan. Hududda dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik taraqqiy etib, keng savdo-sotiq ishlari amalga oshirilgan, oʼziga xos taraqqiyot bosqichlari roʼy bergan. Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Аrxeologiya institutining Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi tomonidan olib borilgan tadqiqot ishlari Toshkent shahrining bu kabi tarixi tiklash borasidagi ishlpri alohida ajralib turadi. Toshkent shahrida arxeologik qazishmalar va kuzatuvlar olib borgan bu ekspeditsiya 1966-yil Toshkentda boʼlib oʼtgan kuchli zilziladan soʼng, shaharda boshlangan jadal qurilishlar paytida, yaʼni, 1967-yilda arxeolog Ya.Gʼ.Gʼulomov tashabbusi bilan “Toshkent arxeologiya otryadi” nomi bilan tuzilgan va 1978-yildan “Toshkent arxeologiya otryad” nomi bilan doimiy faoliyat yurituvchi ekspeditsiyaga aylanib. Bu guruhga tarix fanlari nomzodlari, olima arxeologlar V.А.Bulatova (1967 – 1968 va 1971 – 1974-yillar) va M. T. Аminjonova (1969 – 1970-yillar)lardan soʼng esa Margarita Ivanovna Filanovich (1974-yildan) rahbarlik qilganlar. Ekspeditsiya guruhining turli yillardagi keng koʼlamli tadqiqot ishlarida hozirda nafaqat Oʼzbekistonda qolaversa, chet ellarda ham nomlari mashhur boʼlgan taniqli arxeologlar ishtirok etishgan. Bu ekspeditsiya tuzilishi bilan aʼzo boʼlib kirgan va keyin rahbarlik qilib kelgan, 85 yoshlik yubeliyining salmoqli qismini Toshkent shahrining arxeologiyasi va tarixini oʼrganishga bagʼishlagan matonatli, tirishqoq va fidoyi olima – Margarita Ivanovna Filanovichning ham xizmatlari kattadir. U shahardagi barcha arxeologik yodgorliklarda oʼtkazilgan tadqiqotlarda ishtirok etgan. Shoshtepa, Koʼgaittepa, Mingoʼrik, Yuunusobod Oqtepasi, Chilonzor Oqtepasi, Xonobod, Binkatda olib borilgan tadqiqotlarda katta natijalar qoʼlga kiritilgan. Eng muhimi, tadqiqotlarda erishilgan yutuqlarni M.I.Filanovich mahorat bilan bir tizimga sola bilgan. U shahardagi yodgorliklarni stratigrafik oʼrganish orqali fanning ayrim munozarali masalalariga aniqlik kiritgan. Xususan, Burganli va Qovunchi madaniyatlari davri hamda alohida boschiqlari belgilangan, Chochning qadimgi va oʼrta asrlardagi poytaxtlari, bu mintaqaning tarixiy topografiyasi, iqtisodiyoti va aholisining gʼoyaviy dunyoqarashlarini oydinlashtirgan.

M. I. Filanovich qazishmalardan olingan natijalarga tayanib Toshkent shahri miloddan oldingi 13 – 12-asrlardan to milodiy 16-asrgacha boʼlgan taraqqiyot bosqichini ajratib bergan. Xususan, miloddan oldingi 13-asrlarda oʼrtoq dehqonchilik (Burganli madaniyati) bilan shugʼullangan aholi vakillari, soʼngra, miloddan oldingi 6 – 3-asrlarda koʼchmanchi chorvadorlar tomonidan egallanganligi, keyin esa iqlim oʼzgarib Sirdaryoning quyi oqimlari suvsizlanishi natijasida u joydagi aholining miloddan oldingi 3-asr oxiri – 2-asrlarda Toshkent(Choch)ga kelib oʼrnashishi va mahobatli imoratlar, xususan xoch shaklidagi imoratlarni qurilganligi, keyin miloddan oldingi 1-asr – milodiy 4-3-asrlargacha bunday imoratlarga yangi devorlar qoʼshib qurilib, ularning (olov bilan bogʼliq) yirik diniy ibodat marosimlar oʼtkaziladigan makonga aylanganligi, 5 – 8-asrlarda yangi etnomadaniy qorishuv jarayonlari boʼlganligi, 8-asr boshidagi arab askarlarining talofiti, 9 – 13-asr boshlarida somoniylar, qaraxoniylar, xorazmiylar sulolasi hukumronligi davriga xos taraqqiyot bosqichlari kechganligi, 13-asrning ikkinchi oʼn yilligidan Chingizxondan qoʼshinidan koʼrilgan vayronagarchilik va 14 – 15-asrlardagi Аmir Temur va temuriylar boshqaruvi paytida hayot qayta jonlanganligi kabilar asoslab berilgan. Uning ishtiroki va rahbarligidagi tadqiqotlar evaziga Toshkent shahrining 2200 yillik yoshini belgilangan va 2009-yilda yubileyini keng nishonlangan.

M.I.Filanovich Toshkent shahrida olib borilgan tadqiqotlarda qoʼlga kiritilgan natijalarni respublika va xorijiy davlatlardagi konferentsiyalarda aprobatsiyadan oʼtkazib keng jamoatchilikka yetkazib kelmoqda. Bu kabi maʼruzalar va tadqiqotlar koʼplab ilmiy maqola va monagrafiya sifatida chop ettirilgan, TV, radio, turli ijtimoiy tarmoqlar va gazetalarda targʼib qilingan. Аyniqsa, ular ichida olimaning ikki: “Toshkent. Shahar va shahar madaniyatining kelib chiqishi hamda rivojlanishi (Ташкент. Зарождение и развитие города и городской культуры)” hamda “Аrxeologik manbalarda Toshkentning qadimgi va oʼrta asrlar tarixi (Древняя средневековая история Ташкента в археологических источниках)” nomli asarlari keng jamoada katta qiziqish va taassurot qoldirmoqda. U Toshkentdagi yodgorliklarni saqlab qolish boʼyicha ham jonkuyarlik qilib kelmoqda, kezi kelganda “qattiq-qattiq” gaplar gapirmoqda.

Xullas, M.I.Filanovich Toshkent shahrida merosini oʼrganish, targʼib qilish va saqlab qolishda oʼrnak olsa arzugilik ishlarni amalga oshirmoqda. Uning bu ishlari kelajak avlodda Toshkentning oʼziga xos oʼrni borligi tushunishga, shahar tarixi bilan faxrlanish tuygʼusining shakllanishiga xizmat qiladi. Olima M.I.Filanovich bu ishlari uchun katta minnatdorlik bildiramiz va uzoq umr tilaymiz.

 

D. R. Normurodov,

OʼzR FА Milliy arxeologiya markazi ilmiy xodimi, tarix fanlari boʼyicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!