Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Qardosh ikki millat doʼstligi abadiydir


2022-yil 1-iyul kuni Nukusda boʼlib oʼtgan voqealar hech kimni befarq qoldirmadi. Qoraqalpogʼiston Respublikasining Nukus shahrida ayrim fitnachi kimsalar tomonidan uyushtirilgan noqonuniy namoyishlar nafaqat Qoraqalpogʼistonda, balki Oʼzbekistonda ham tinchlikni izdan chiqarishga qaratilgani, oʼzbek va qoraqalpoq xalqlari oʼrtasida azaliy doʼstlikka sovuqchilik  tushirishga urinish ekanligi oldindan ayon edi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda asossiz, mantiqsiz, yengil-yelpi feyk maʼlumotlardan koʼrib turibmiz.

Uzoq asrlar mobaynida oʼzbek va qoraqalpoq xalqlari haqiqiy ogʼa-inichilik fazilatlariga asoslanib, oʼzaro munosabatlarini shakllantirib kelgan. Bu ikki qavm maʼnaviy-ruhiy yaqinligini belgilaydigan asosiy omil va madaniyatlar mushtarakligi, ularning oʼzaro yaqinligi edi. Darhaqiqat, tillar yaqinligi dillar yaqinligiga olib keldi. Madaniyatlar bir-birini boyitdi. Qadimiy madaniyat namunalari, umummilliy qadriyatlar, jondoshu-qondosh boʼlgan har ikki millat uchun tarixiy ahamiyatga ega anʼanalar shakllandi. Shu asosda iqtisodiy hamkorlik, yagona iqtisodiy makon, yagona maqsad vujudga keldi.   

Keyingi 5-6 yil ichida Qoraqalpogʼistonda yuz bergan ijobiy oʼzgarishlar juda katta: koʼp yangi korxonalar, obod shaharlar, qishloqlar, mahallalar yaratildi, Orol dengizining qurib qolgan qismi oʼzlashtirilmoqda, Yangi Moʼynoq yaratildi, Nukus shahri obodonlashtirilmoqda, qoraqalpoq tili, madaniyati, sanʼati, taʼlim tizimi, fani rivojiga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Hozirda ham yelkani-elkaga quyib, 2022-2026-yillarda Qoraqalpogʼiston Respublikasi hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash nazarda tutilmoqda. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Yangi Oʼzbekistonda Yangi Qoraqalpogʼistonni bunyod etish yoʼlida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalq bilan bamaslahat va birgalikda amalga oshirish muhimdir.

Xulosa qilar ekanmiz, Nukusdagi voqealar tashqi kuchlarning mafkuraviy taʼsiri ekanligi hamda unga qarshi  faqat teran aql, ogʼir-vazminlik, sof tafakkur va mustaqil tahliliy fikr yuritgan holda tinchlikni saqlab qolish zarur. Tinchlik eng oliy neʼmatdir. Tinchlik hukm surgan yurtda rivojlanish va inson qadri ulugʼ boʼladi. Biz ikki qardosh millatmiz, oʼzligimizga hech bir tashqi kuch rahna solishiga yoʼl quymaslik har birimizning burchimiz hisoblanadi.

Bahrom Аbduhalimov,
Oʼzbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti,
tarix fanlari doktori, professor.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!