Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Istiqbolli hamkorlikning yangi imkoniyatlari


O‘zR FA Navoiy bo‘limi bilan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi qoshidagi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandumni imzolanishi regionning iqtisodiy rivojlanishga va ekologik masalalariga oid loyihalarni amaliyotga joriy etishda har ikkala tomon uchun manfaatli bo‘lgan imkoniyatlarni yaratadi.

Mazkur hujjat tomonlarning ilmiy va texnik imkoniyatlarini o‘zaro birlashtirib regionning ekologik tizimini yaxshilashga, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga, samarali va sermahsul madaniy yaylovlarni, pavlovniy, xandon pista va yong‘oq plantasiyalarini yaratishga yo‘naltirilgan fundamental, amaliy va innovasion loyihalarni hamda yaratilgan dorivor o‘simliklar klasterlarida yaylov o‘simliklari, butalar va daraxtsimon o‘simliklarni xudud sharoitlariga moslashtirish, innovasion texnologiyalarni o‘rmonchilik va qishloq xo‘jaligiga joriy etish orqali o‘simliklarni mamlakatimizdagi dasht va qurg‘oqchil regionlari sharoitlariga moslashtirishning optimal yo‘llarini aniqlashga oid ilmiy tadqiqot ishlarini birgalikda amalga oshirish masalalarini hal qilishga qaratilgan.

 

Ushbu hamkorlik memorandumining birinchi bosqichida yaylov va dorivor o‘simliklar urug‘chiligi bazasini yaratish loyihasini joriy etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda Bo‘lim olimlari tomonidan patentlangan usulda urug‘larga ishlov berilishi rejalashtirilgan. Bu usulning mohiyati - urug‘larni yuqori gigroskopik xususiyatga ega bo‘lgan bentonit gilining kukuni bilan qobiqlanishida bo‘lib, bunday kapsulada urug‘lar unib chiqishi uchun zarur bo‘lgan namlik saqlanadi. Chunki bentonit – o‘simlik urug‘i o‘sishi uchun zarur bo‘lgan mikroelementlarga tabiatan boy gil bo‘libgina qolmay, gidrogel – sun'iy polimer moddaga nisbatan ancha arzon vositadir.

Bundan tashqari, FA Navoiy bo‘limi olimlari va “Elektrokimyozavod” AJ QK mutaxassislari hamkorligida yaratilgan yangi preparatlar bilan o‘simliklarni bargidan oziqlantirishda bentonit gili suspenziyasidan foydalanish ham o‘simliklarning o‘sish jarayonini sezilarli darajada jadallashtirishi aniqlangan. Mazkur o‘simliklarni o‘g‘itlar bilan bargidan oziqlantirishda bentonit gili suspenziyasidan foydalanish usuli mamlakatimizning bir nechta hududlaridagi paxta dalalarida tajriba sinovlaridan o‘tkazilib, samarali natijalarga erishilganligi tufayli, loyiha doirasida ushbu innovasion usuldan ham keng foydalanilishi rejalashtirilgan.

Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi bilan O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti hamkorlikda amalga oshiradigan loyihalar mamlakatimizning cho‘l-dasht zonalari ekologiyasini asrash, tabiiy yaylovlar holatini yaxshilash hamda saksovul kabi cho‘l o‘simliklarining o‘sish hududlarini kengaytirish orqali tuproq erroziyasining oldini olish va chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!