Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Ilmning ertangi kuniga ishonchimizni yoʼqotyapmiz” nomli maqolaga MUNOSАBАT


Kuni kecha kun.uz da “Ilmning ertangi kuniga ishonchimizni yoʼqotyapmiz” – oʼzbek tilshunos va adabiyotshunoslari oʼzlari qoldirilgan tashlandiq binodan koʼchishni istaydi” (https://kun.uz/news/2020/11/09/ilmning-ertangi-kuniga-ishonchimizni-yoqotyapmiz-ozbek-tilshunos-va-adabiyotshunoslari-ozlari-qoldirilgan-tashlandiq-binodan-kochishni-istaydi) nomli maqola chop etildi.

Maʼlumki, mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillarida ilm-fan, ilmiy-tadqiqot muassasalari oʼz holiga tashlab qoʼyilgandi, sohaga ragʼbat, eʼtibor berilmagan edi. Lekin quvonarlisi shuki, soʼnggi yillarda Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahnamoligida ilm-fanni rivojlantirish, olimlarga qulay shart-sharoitlar yaratishga favqulodda alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Qisqa davr mobaynida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyundagi “Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 366-son qaroriga muvofiq Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlarining oylik maoshlari sezilarli darajada oshirildi. Аkademiklarning gonorarlari uch baravar koʼpaytirilib, ularning hordiq chiqarishlari va salomatliklarini tiklashlari uchun ijtimoiy himoya kuchaytirildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Ilm-fan va taʼlim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʼullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʼshimcha haq toʼlash tartibi toʼgʼrisida”gi qarori asosida 30 – 60 % qoʼshimcha ragʼbatlantiruvchi ustama haq toʼlash tartibi yoʼlga qoʼyildi. Oʼzbekiston olimlarining moliyaviy ahvolini yaxshilash, ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, yosh olimlarni qoʼllab-quvvatlash kabi masalalarda amalga oshirilayotgan ijobiy oʼzgarishlarni MDH davlatlarining birortasida ham uchratib boʼlmaydi. Qisqasi, ushbu sohada aql bovar qilmas islohotlar amalga oshirilayotganiga aksariyat olimlar guvoh boʼlmoqdalar. Ming afsuski, nashr etilgan maqola mualliflari mavzuga benihoya yuzaki yondashganlar.

Maqolada keltirilgan “Institut xodimlari shunday tashlandiq bino va shunga yarasha sharoitlar bilan 2014-yildan buyon ishlab kelmoqda, tagʼin – ijarada” deyishdan oldin jurnalist masalani sinchiklab oʼrganishi, surishtiruv oʼtkazishi lozim edi.

Ushbu 8 qavatli bino hozirda Fanlar akademiyasi Tarix instituti balansida, lekin shunday boʼlsa-da, har ikkala institut ham ushbu binodan foydalanishda teng huquqqa ega, hech qanday ijara haqi majburiyati yoʼq. Shuning uchun Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti bu binoda ijarada oʼtiribdi, deyish mutlaqo toʼgʼri emas. Shuni taʼkidlab oʼtish joizki, “...oʼnlab idoralarga qilgan murojaatidan keyin ham biror natija koʼrmagan olimlar...” tomonidan biror marta na Fanlar akademiyasi rahbariyati va na boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilinmagan. Аgar shu masalani koʼtarib chiqqan “olim”lar hamda “Kun.uz” tahririyati yuqori tashkilotga murojaat qilganlarida bino infratuzilmasini mustahkamlash toʼgʼrisidagi aniq va tasdiqlangan maʼlumotdan xabardor boʼlar edilar. Qoʼshimcha sifatida aytish joizki, ushbu binoga 2014-yilda koʼchib oʼtilgach, joriy taʼmir amalga oshirilgan.

Maqolada keltirilishicha, “Olimlar oʼzining muqim binosi u yoqda tursin, ilmiy tadqiqotlar uchun oddiy sharoitlarga ega emas”. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-3365-sonli qarori asosida Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari bosqichma-bosqich taʼmirlanmoqda. Bundan tashqari, Fanlar akademiyasi rahbariyati tomonidan Tarix instituti binosini kapital taʼmirlash toʼgʼrisidagi taklif bilan Vazirlar Mahkamasiga murojaat yoʼllangan va unga ijobiy javob olingan. Unga koʼra binoni taʼmirlash ishlari 2020-yilga rejalashtirilgan edi, ammo koronavirus pandemiyasi sababli bu institut binosini toʼliq taʼmirdan chiqarish hamda jihozlash ishlari 2021-2022-yillarga koʼchirildi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, soʼnggi ikki yil mobaynida Davlat investitsiya dasturi doirasida Fanlar akademiyasi tasarrufidagi – Fizika-texnika, Аstronomiya, Seysmologiya, Botanika, Zoologiya, Polimerlar kimyosi va fizikasi, Ion-plazma va lazer texnologiyalari, Mikrobiologiya hamda Yadro fizikasi institutlari kapital taʼmirlandi, Sharqshunoslik hamda Matematika institutlariga yangi binolar qurib berildi, ular ana shu yangi binolarda faoliyat koʼrsatmoqda. Hozirda Bioorganik kimyo hamda Umumiy va noorganik kimyo institutlarida taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

Xulosa oʼrnida, taniqli shoir Sadriddin Salim Buxoriy aytganlaridek,

 Illat izlaganga illatdir dunyo,

Gʼurbat izlaganga gʼurbatdir dunyo.

 Kim neni izlasa, topgay begumon,

Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.

Yuqoridagi maqolada keltirilgan masalalar boʼyicha jurnalist surishtiruvi oʼtkazilib, mutasaddi tashkilot bilan birgalikda oʼrganilib, muammolar asoslangach, eʼlon qilinsa, maqsadga muvofiq boʼlardi. Bu kabi tekshirilmagan, asoslanmasdan eʼlon qilinayotgan materiallar esa ommaviy axborot vositalariga boʼlgan ishonchni soʼndirishini eslatib oʼtamiz!


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!