Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Dolzarb muammolar yosh olimlar nigohida


2019-yil 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya institutida “O‘zbekistonda termitlarning tarqalishi, biologiyasi, ekologiyasi va qarshi kurashish choralarining hozirgi holati” hamda “Aydar – Arnasoy ko‘llar tizimi zamonaviy ixtiofaunasi” mavzularida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Seminar Fanlar akademiyasining Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi hamda O‘zR FA Zoologiya instituti rahbariyati tashabbusi bilan tashkil etildi.

 

Bugungi kunda dunyo bo‘yicha termitlar tomonidan keltirilayotgan zarar yildan yilga oshib bormoqda. Termitlar tarixiy-madaniy obidalar, strategik ahamiyatga ega ob’ektlar, gidrotexnik inshootlar, aholi turar joylari va ma’muriy binolardagi yog‘och konstruksiya qurilmalariga jiddiy zarar keltiradi. Shuningdek, uglerodning global aylanishi hamda atmosferada issiqxona gazi – uglerod dioksidi konsentratsiyasining oshishiga imkon yaratadi. Bu bevosita termitlarning hazm bezlari, simbiont fermentlari hamda ulardagi biokimyoviy jarayonlarning faolligi hisobiga amalga oshadi.

  

Termitlarning yashirin hayot tarzi, ekologik tashqi muhit omillaridan kuchli himoyalanganligi, uyalarida tabaqalarining funksional ixtisoslashganligi va qisqa muddatda o‘z populyatsiyasini qayta tiklay olishi ularga qarshi kurash choralarini qo‘llashda qiyinchilik tug‘diradi. Shundan kelib chiqib, termitlarning populyatsion ekologiyasi, umurtqali-umurtqasiz hayvonlar va mikroorganizmlar bilan munosabatini aniqlash hamda termitlar miqdorini nazorat qiluvchi zamonaviy biologik kurash uslublarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda dunyo aholisining tez sur’atlarda oshib borishi, ularning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan talabning tobora o‘sishiga olib kelmoqda. Baliqchilik tarmog‘i dunyo bo‘yicha juda ko‘p kishilarni ish bilan ta’minlash bilan bir qatorda jamiyatning iqtisodiy rivojlanishidagi muhim jabhalardan biriga aylangan.

Jahonda ichki suv havzalardan samarali foydalanish texnologiyalarini rivojlantirib baliq ovlashni boshqarish, baliq zahiralaridan foydalanish orqali havzalar baliq mahsuldorligini oshirish, suv havzalari tabiiy ozuqa bazasini shakllantirishda ularning imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ovlanadigan baliqlar ixtiofaunasini sun’iy shakllantirishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqot ishlari dolzarb sanaladi. Shuningdek, keyingi yillarda akvakulturada muayyan hududda o‘stirishga moslashgan baliq turlari ro‘yxatini kengaytirishga qaratilgan va ularni akvakulturaning turli tizimlarida o‘stirish texnologiyalarini ishlab chiqish, o‘stirilayotgan tizimda baliqlar o‘stirish tig‘izligining suv sifatiga ta’siri, suv sifatini bir me’yorda saqlab turish, yuqori oqsilli balanslashtirilgan ozuqa elementlarini mahalliy ingredientlardan keng foydalangan holda ishlab chiqishga qaratilgan tadbirlar muhim dolzarb ilmiy-amaliy muammolar sanaladi.

Tashkil qilingan seminarda ana shu masalalar yechimi bo‘yicha mavjud an’anaviy uslublar, zamonaviy ishlanmalar haqida ma’ruzalar tinglandi va muhokama qilindi. Bunday seminarlar yoshlarning bilim va malaka hamda tajriba almashishilariga keng imkon yaratadi.

 

Aydar – Arnasoy ko‘llar tizimi zamonaviy ixtiofaunasi

O‘zbekistonda termitlarning tarqalishi


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!