Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Аkademik Vosil Qobulov tavalludining 100 yilligi nishonlanadi


Oʼzbekistonda kibernetika fanining asoschilaridan biri boʼlgan yirik olim, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Vosil Qobulovich Qobulov.

V.Q.Qobulov 1921-yil 5-sentyabrda Toshkent shahrida tugʼilgan. 1938-yili oʼrta maktabni bitirib, Oʼrta Osiyo davlat dorilfununining mexanika-matematika kulliyotiga oʼqishga kirgan. 1941-yili armiya safiga xizmatga chaqirilishi munosabati bilan dorilfununda oʼqish toʼxtatilgan. 1941-1945-yillarda V.Q.Qobulov Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi boʼlgan. 1945-yil urushdan qaytgach, oʼqishni Toshkent temir yoʼli transporti muhandislari oliygohida qurilish kulliyotida davom ettirgan. 1948-yili oʼqishni tugatib Chorjoʼy-Qoʼngʼirot temir yoʼli qurilishida ishlagan. 1950-yil aspiranturaga oʼqishga kirgan.

1952-yili “Toʼgʼri burchakli yassi plastinkaning tekis tarang holatini hisoblashning baʼzi bir usullari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 1961-yili esa Moskva davlat universiteti Ilmiy Kengashida “Elastiklik va plastiklik dinamik nazariyasining bir oʼlchovli va ikki oʼlchovli baʼzi bir masalalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Bu dissertatsiya fanda yangi yoʼnalish boʼlib, algoritmik mexanikaga asos solgan.

Fanlar akademiyasi va bir necha oliy oʼquv yurtlarida Kibernetika va mexanika sohasi boʼyicha bir necha ilmiy maktablar yaratgan hamda 50 dan ortiq doktorlik va 70 dan ortiq nomzodlik ilmiy ishlariga rahbarlik qilgan.

Аtoqli olim xalq xoʼjaligining turli sohalarida foydalanish uchun algoritmlashning nazariy asoslarini yaratish va amaliyotga tadbiq qilishga salmoqli hissa qoʼshdi. Uning muhit mexanikasi masalalarini yechishni algoritmlash, inshootlarning zilzilaga bardoshliligi, hisoblash matematikasi muammolarini hal qilish masalalariga bagʼishlab yozgan 500 ga yaqin maqola va 20 dan ortiq monografiyalari keng jamoatchilikka yaxshi maʼlum.

Zahmatkash olim oʼz faoliyati davomida jonkuyar ustoz sifatida koʼplab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq berdi. Аkademik V.Qobulovning mamlakatimiz fani rivojiga qoʼshgan hissasi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, “Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan fan arbobi”, “Oʼzbekiston Respublikasi davlat mukofoti”, “El-yurt hurmati” ordeniga sazovor boʼlgan edi.

Bu yil Fanlar akademiyasi tomonidan akademik tavalludining 100 yilligiga bag’ishlangan tadbirlar o’tkazilishi rejalashtirilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!