Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Akademik Muhabbat Abidova


O'zbekiston ilm-fani og'ir judolikka uchradi.

Kimyo-texnologiya sohasidagi taniqli olima, O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Abidova Muhabbat Fazilovna 2020-yil 17-avgustida 89 yoshida vafot etdi.

M. Abidova 1931-yil 10-oktabrda Toshkent shahrida tug'ildi. 1954-yili O'rta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, Fanlar akademiyasi Kimyo instituti (hozirgi Umumiy va noorganik kimyo) aspiranturasida tahsil oldi. 1958-yili nomzodlik, 1975-yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko'p yillik xizmatlari uchun 2000-yilda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy a'zosi etib saylandi.

Iste'dodli olima qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Kimyo instituti kichik, katta ilmiy xodimi, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti katta ilmiy xodimi, O'rta Osiyo yoqilg'idan foydalanish instituti katta ilmiy xodimi, O'rta Osiyo neftni qayta ishlash sanoati ilmiy tadqiqot instituti sektor mudiri, laboratoriya mudiri, “O'zfarmsanoat” Kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va ta'lim sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo'shdi.

Zahmatkash olimaning ilmiy ishlanma va tadqiqotlari respublikamiz katalizatorlar tizimi va kimyoviy jarayonlari sohasida keng qo'llanib kelinmoqda. Uning mazkur sohadagi ilmiy ishlanmalari iqtisodiyotimiz tarmoqlari rivojida muhim ahamiyatga ega bo'lib, bir  qator gaz va neftni qayta ishlash sanoati qurilmalarining uzluksiz ishlashini, ularni import katalizatorlariga bog'liklikdan xaloslikka erishishni ta'minlagan.

Olimaning kimyoviy jarayonlar sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag'ishlangan ilmiy maqolalari, patent va mualliflik guvohnomalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma'lum.

Jonkuyar ustoz sifatida ko'plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o'nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

Akademik M.Abidovaning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi.

U “ Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Taniqli olima, mehribon ustoz, kamtarin inson Muhabbat Fazilovna Abidovaning  xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!