Xorazm Ma'mun akademiyasining Ilmiy kengashi kengaytirilgan yig'ilishi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi sayyor uchrashuvlari doirasida Xorazm Ma'mun akademiyasi Ilmiy kengashining kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Ilmiy kengash yig‘ilishida FA prezidenti akademik B.S.Yuldashev davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan Fanlar akademiyasi tizimida katta o‘zgarishlar amalga oshirilgani haqida gapirdi. Xususan, ilgari oliy ta’lim muassasalari, turli vazirlik va tashkilotlarga o‘tkazib yuborilgan 12 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi FA tizimiga qaytarildi va bir qator yangi ilmiy-tadqiqot muassasalari tashkil etildi. Ularning moddiy-texnika bazasi yangilanayotgani, xususan, eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan markazlar tashkil etilayotgani haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, 2020-yildan O‘zR FA tizimidagi mintaqaviy bo‘limlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, yordamchi tuzilmalar bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazilishi, o‘z navbatida, tuzilma tarkibiy jihatdan kengayotganligi, olimlar, shu jumladan, ilm-fanda yoshlarning faoliyati uchun imkoniyatlar yanada yaxshilanayotganligini ta’kidladi.

Xorazm Ma’mun akademiyasi ilmiy kotibi D.R.Ruzmetov o'z ma'ruzasida O'zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida”gi Qonuni asosiy moddalari to'g'risida gapirib, uning huquqiy maqomi, ilm-fan va ilmiy faoliyatning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi rolini belgilashda muhimligini ta'kidladi.

Xorazm Ma'mun akademiyasi raisi, professor I.I.Abdullayev Akademiyaning 2019-yildagi faoliyati to'g'risida ma'ruza qildi. U olimlarning erishgan yutuq va natijalari, shuningdek, Ma'mun akademiyasining ilmiy faoliyatini rivojlantirish bo'yicha uzoq muddatli rejalari haqida ma'lumot berdi.