Toshkent viloyati Dalvarzin cho‘lidan ilk bor Tulipa Borszczowii Baker turining senopopulyatsiyasi topildi

O‘zR FA Botanika instituti Kamyob o‘simliklar turlari kadastri va monitoringi laboratoriyasi ilmiy xodimlari Toshkent viloyati florasining kadastrini tuzish loyihasida belgilangan vazifalarni bajarish uchun dala tadqiqotlarini olib bormoqdalar.

Ilmiy tadqiqotlar davomida Toshkent viloyatida o‘suvchi kamyob va yoqolib ketish xavfi ostidagi noyob o’simlik turlarining (Nanophyton botschantzevii, Hedysarum drobovii, Kamelinia tianschanica) monitoringi amalga oshirildi, tadqiqot hududlarining senopopulyatsiyasi ontogenetik strukturasini tahlili uchun transektlar tashlandi, DNK uchun namunalar, o‘simlik urug‘lari va tirik o‘simlik namunalari, o‘rganilayotgan hududlardan gerbariy namunalari olib kelindi.

 

Ekspeditsiya davomida Toshkent viloyatida o‘suvchi kamyob va yo’qolib borayotgan turlarning yangi populyatsiyalari topildi. Jumladan, Tulipa Borszczowii Baker turining Toshkent viloyati Dalvarzin cho‘lidan ilk bor senopopulyatsiyasi topildi.

Laboratoriya ilmiy xodimlari tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlar asosida Toshkent viloyati florasining kadastrini yuritishda, kamyob turlarning holatini muntazam ravishda monitoring qilishda va O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi” ning yangi nashrlarini tayyorlashda keng foydalaniladi.