Oʼzbek tilshunos olimi jahon eʼtirofida

Maʼlumki, har bir millat faxrlanishi kerak boʼlgan eng oliy qadriyat bu ularning ona tilidir, chunki har bir til insoniyat olamining nomoddiy va maʼnaviy merosini asrashning eng kuchli quroli hisoblanadi. U bilan inson olamni idrok qiladi va uning sir-sinoatlar tilsimini ochadi. Shunday ekan, tilsimlar kaliti hisoblamish millatlarning “Ona tili” jahon xalqlari tomonidan har yili 21-fevral sanasida “Xalqaro ona tili kuni” bayram sifatida nishonlanadi, bu bayram munosabati bilan har bir til egasining oʼz Vatani va oʼz tiliga boʼlgan muhabbati, unga boʼlgan ehtiromi, qadrlash tuygʼulari yangilanib boraveradi.

Barchamizga ayonki, mazkur sana YuNESKO tomonidan turli tillar va dunyo xalqlari madaniyatini muhafaza qilish maqsadida 2000-yildan buyon xalqaro miqyosda keng nishonlanib kelinmoqda. Bu sana 1952-yilning 21-fevral kuni boʼlib oʼtgan voqea – Bangladesh poytaxti Dakka shahrida oʼz ona tili – bengal tilini davlat tili darajasiga koʼtarish va uni himoya qilish maqsadida shahar koʼchalariga chiqqan talabalarning politsiya hodimlari tomonidan oʼqqa tutilishi bilan bogʼliq” ekanligi manbalardan maʼlum.

Bangladesh davlatidagi YuNESKOning Xalqaro ona tili instituti tomonidan “Ona tili”ni asrash, butun dunyodagi til va madaniy anʼanalar bilan yanada toʼliqroq tanishish va ularni saqlash, bagʼrikenglik va muloqotga asoslangan birdamlikni mustahkamlash maqsadida Xalqaro ona tili kuniga mukofot joriy etilgan boʼlib, ushbu mukofot butun dunyoda xalqlar oʼz ona tilini himoya qilish va targʼib qilish, amaliyoti va tadqiqotlari bilan bogʼliq ulkan hissasi uchun tilshunoslarga berilib kelinmoqda. Ushbu mukofot har yili 21-fevralda Xalqaro ona tili kunida Bangladeshning poytaxti Dakka shahridagi Xalqaro ona tili institutida ushbu mukofot bilan taqdirlash marosimi boʼlib oʼtadi.

Ushbu taqdirlash anʼanasining davomi sifatida 2020-yil iyul oyida YuNESKOning Bangladeshdagi Xalqaro ona tili instituti 2021-yil uchun “Xalqaro ona tili mukofoti” tanlovini eʼlon qildi. Ushbu mukofotning “Ona tilining xalqaro miqyosdagi tadqiqi” yoʼnalishiga ariza topshirgan dunyo tilshunos olimlari orasidan 2 nafar tilshunos olim - Janubiy Аmerikadagi Boliviya davlatidan hamda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti yosh tilshunos olimi, filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim Gʼulom Mirzayevich Ismoilov loyiq deb topildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi nomidan Gʼulom Ismoilovni ushbu mukofot bilan qutlaymiz! Oʼzbek tilshunosligi dongʼini dunyoga taratish yoʼlidagi ilmiy izlanishlarida yanada yuksak choʼqqilarni zabt etishiga, muvaffaqiyatlar bardavom boʼlishiga tilakdoshmiz.