Neft va gaz konlarida foydalanish uchun o't o'chirish moslamalari

O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti olimlari polietilen tereftalatdan yangi suzuvchi pontonlar va ularni ishlab chiqarish texnologiyasini yaratdilar.

Polietilentereftalat (PET) ponton neft mahsulotlari va gaz kondensatini qabul qilish, jo‘natish, uzatish, saqlash chog‘ida bug‘lanish orqali yengil uglevodorodlar yo‘qotilishini hamda rezervuarlarda to‘satdan paydo bo‘ladigan yong‘inni bartaraf etishga mo‘ljallangan. Bunday ponton maxsus yong‘inning oldini oluvchi, portlashga qarshi eritma va inert gaz bilan to‘ldiriladi.

Uning afzalligi shundan iboratki, u rezervuardagi neft mahsulotlari va gaz kondensati ustki qismining 98 foizini qoplaydi. Shu bois uglevodorodlar bug‘lanishi keskin kamayadi. Bundan tashqari, pontonning har bir elementida yong‘in o‘chirishning texnik yechimi mujassam etilgan.

Yangi konstruktsiyali pontondan foydalanilganda 2000 m3  hajmli rezervuarda yiliga 240 tonna yengil uglevodorod tejaladi. Hozirda suzuvchi pontonlardan foydalanish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari muvaffaqiyatli o‘tdi va ular “O‘zbekneftgaz” AJning neft va gazni qayta ishlash korxonalariga joriy etildi.

Loyihani amalga oshirish uchun bugungacha poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kichik sanoat zonasida texnologik uskunalarni o‘rnatish, montaj qilish va ishga tushirish ishlari amalga oshirildi. Bugungi kunga qadar 150 ming dona suzuvchi ponton ishlab chiqarildi va buyurtmachilarga yetkazib berildi.

Ushbu loyihalarni ishlab chiqarishga joriy etish valyuta mablag‘larini tejash, mahalliy innovatsion mahsulotlarni xorijiy mamlakatlarga olib chiqish, mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash imkonini beradi.