Illinoys universiteti (АQSh) tadqiqotchisi ishtirokida onlayn seminar

Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining taklifiga binaon АQShning Illinoys universitetining tadqiqotchisi doktor Muhammad Аli Johar (Muhammad Ali Johar) ishtirokida onlayn ilmiy-seminar oʼtkazildi. Unda doktor Muhammad Аli Johar “Kubsimon GaN - samaradorligi pasaymaydigan yashil svetodiodlar olish uchun potentsial nomzod” (“Droop-Free Green LED: Cubic GaN a Potential Candidate”) mavzusida maʼruza qildi. Seminarda Institut ilmiy xodimlari, yosh olimlar va FA boshqa tashkilotlari vakillari qatnashdilar.

 

Ushbu seminarda Аli Johar kvantlangan Shtark effekti taʼsirini soʼndirish maqsadida, monokristalli kubsimon galliy nitridini qoʼllash asosida samaradorligi keskin pasaymaydigan yashil svetodiodlarni ishlab chiqish sohasidagi oʼzining ilmiy natijalarini taqdim etdi. Institut tadqiqotchilarida kremniy hamda kvarts tagliklarida kubsimon galliy nitridini oʼstirish boʼyicha amerikalik olim qoʼllagan uslub katta qiziqish uygʼotdi. Taqdimotdan soʼng Аli Johar seminar ishtirokchilarining savollarga javob berib, qiziqish bildirgan yosh olimlarni АQShning Illinoys Universitetidagi oʼzi ishlayotgan va boshqa laboratoriyalarda ilmiy amaliyot oʼtashga taklif qildi.

Maʼlumot oʼrnida, Doktor Аli Johar hozirda Illinoys shtatidagi Illinoys universitetining mashhur Nik Xolonyak nomidagi mikro- va nanotexnologiyalar laboratoriyasining ilmiy xodimidir. Bu laboratoriyada uzoq yillar davomida (1951-1991-yillar) umrining oxirigacha fizika sohasida ikki karra Nobel mukofoti laureati professor Djon Bardin ishlagan. Birinchi Nobel mukofotini u 1956-yil tranzistor uchun, ikkinchisini esa 1972-yilda oddiy oʼta oʼtkazuvchanlarning mukammal nazariyasini yaratgani uchun qoʼlga kiritgan. Аli Johar tadqiqotlar olib borayotgan mashhur laboratoriyada 1962-yil Nik Xolonyak tomonidan jahonda birinchi koʼrinuvchi sohadagi lazer hamda svetodiod yaratilgan. Nik Xolonyak professor Djon Bardinning Illinoys universitetidagi birinchi aspiranti boʼlgan.