Toshkent shahar, Yashnabod tuman, “Ibrat” MFY, Iftixor koʼchasida joylashgan “Changallik” qabristonida arxeologik kuzatuv-qidiruv ishlari olib borildi. Koordinatasi: 41°18'3.37"S; 69°24'55.07"V.
Chirchiq daryosining oʼng tomonida, daryo oʼzanidan 220 metr uzoqlikdagi ushbu qabriston shimoli-sharqdan janubi-gʼarbga choʼzilgan. Uning uzunligi 390, kengligining qisqa joylari – 75, eng keng joyi esa 125 metrgachani tashkil qiladi. Bu qabristonning oʼrtasida yon-atroflardagi tekislikdan balanligi 2 metr, kattaligi 0.44 gektar keladigan toʼrtburchak shakldagi tepalik ajralib turadi. Bu tepalik koʼzdan kechirilganda uning arxeologik yodgorlik oʼrni ekanligi aniq boʼldi. Tepalik sirtidan 9-10-asrlarga oid boʼlgan sirlanmagan, ammo qora boʼyoq oqizib va tirnab bezak berilgan sopol idish namunalari, 20x20x3-35 santimetr hajmdagi pishgan gʼishtlar topildi.
Oʼrganilgan tepalik eskidan qabristonga aylantirilgan boʼlib, uning butun maydonini kichik-kichik doʼnglik va chuqurchalar egallagan. Bu notekisliklarni koʼzdan kechirish jarayonida ulardan birining ustiga marmartoshdan uzun qilib yoʼnib, yoniga arab harflarida yozuvlar oʼyib yozilgan yodgorlik – qabrtoshi qoʼyilganligiga duch kelindi. Bu qabr tosh undagi yozuvlarga qaraganda 1317-yili vafot etgan shaxsga atab qoʼyilgan.
Bu qabr toshdan tashqari yana ikki dona shunga oʼxshash qabrtoshlar qabristonning alohida joyga olib borib qoʼyilgan ekan. Ulardan biriga 1295, ikkinchisiga 1313 soni yozilgan. Qabr toshlardagi yillar hijriy-qamariy yil hisobida yozilgan boʼlib, ular milodiy 19-asrning 4-choragiga toʼgʼri keladi.
Bulardan tashqari, qabriston qorovulining qabrlarni suvash uchun keltirilgan tuproq orasidan chiqqan va ancha paytdan buyon asrab-avaylab saqlab kelinayotgan koʼzacha ham davlat muzeylariga topshirish uchun olindi.
Yuqoridagilar “Changallik” qabristonining arxeologik yodgorlik ekanligini, uning 9-10-asrlarda qishloq oʼrni boʼlganligini, 19-asrdan boshlab qabriston vazifasini oʼtab kelayotganligini koʼrsatmoqda.
Dilmurod Normurodov, tarix fanlari boʼyicha falsafa doktori.