“Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

Joriy yilning 18-noyabrida Temuriylar tarixi davlat muzey tashkil topganligining 25 yilligi munosabati bilan “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiya Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev va O‘zR FA ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi boshlig‘i Nodira Mustafayevaning kirish so‘zlari bilan ochib berildi.

 

Konferensiyaning “Temuriylar davri tarixi manbashunosligi va tarixshunosligi masalalari”, “Temuriylar davri renessansi: davlatchilik va xalqaro siyosat, ilm-fan, madaniyat va san’at rivoji” va “Amir Temur va Temuriylar davriga oid moddiy-madaniy meros obyektlarini o‘rganish va tadqiq etish, muzeyshunoslik masalalari” kabi sho‘balarida olimlar va tadqiqotchilar o‘zlarining ilmiy izlanishlari natijalarini havola etdilar.

Shuningdek, konferensiyada muzey direktori Xurshid Fayziyev, Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali va muzey ilmiy xodimi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin Xayitlar “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan ta’sis etilgan ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Konferensiya doirasida Temuriylar tarixi davlat muzeyiga Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori Qudratilla Omonov tomonidan Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarining faksimilesi sovg‘a qilindi.