O'zbekiston-Belgiya: ilmiy hamkorlik

2021-yil 26-noyabr kuni Belgiyaning Luven katolik universiteti “Istiqbolli antropologiya” amaliy laboratoriyasida boʼlib oʼtgan navbatdagi ilmiy seminar Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tadqiqotchilariga bagʼishlandi. Unda Institut tayanch doktoranti Zufar Qoryogʼdiyev “Buxoro loʼlilarining ijtimoiy hayoti va madaniyati ” (Social life and culture of Bukharian lyuli) mavzusida hamda tayanch doktorant Shavkat Bobojonov “Buxoro vohasi ziyorat turizmi obyektlarining tasnifi” (Classification of pilgrimage destinations in Bukhara oasis) mavzusida ingliz tilida maʼruza qilishdi.

Belgiya, Kuba, Moldova, Xitoy hamda Аfrika mintaqasi davlatlari tadqiqotchilari qatnashgan seminarda Oʼzbekiston tarixi va madaniyatiga doir, xususan, Buxoro loʼlilarining kelib chiqish tarixi, urf-odat va marosimlari, shuningdek, islom olamida ziyorat anʼanasi, Buxoro ziyoratgohlarida bajariladigan odat va marosimlar, ziyoratgohlarning tasnifi va tavsifi, bugungi ziyorat turizmi jarayonlari xususida maʼlumot berildi. Buxoro loʼlilari hayotiga bagʼishlangan hujjatli film hamda Buxoroning ziyorat turizmi salohiyatiga bagʼishlangan ingliz tilidagi videolavha seminar ishtirokchilarida qiziqish uygʼotdi. Ilmiy seminar yakunida ishtirokchilar Oʼzbekistonning boy madaniyati, asriy qadriyatlari haqida qiziqarli maʼlumotlarga ega boʼlganini taʼkidlab, Oʼzbekistonga borish va xalqimiz bilan yaqindan tanishish istagida ekanini bildirishdi.