Xorazm Ma’mun akademiyasida “Noyabr o‘qishlari” o‘tkazildi

O’zR FA Xorazm Ma’mun akademiyasida “Noyabr o‘qishlari” akademik seminari o‘tkazildi. Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik B.S.Yuldashev, FA vitse-prezidenti S.Z.Mirzayev va FA Kadrlar bo‘limi boshlig‘i A.Q.Qayumov, Xorazm Ma’mun akademiyasi va Urganch davlat universiteti yetakchi olimlari ishtirok etdilar.

Ilmiy seminarni akademik B.S.Yuldashev ochib berdi. U bu yildan boshlab har yili Fanlar akademiyasi tizimida “Noyabr o‘qishlari” akademik seminarini o‘tkazish an’anaga aylanishini va uning doirasida ilm-fan sohasida qo’lga kiritilgan eng so‘nggi yutuqlarga bag’ishlangan ma’ruzalar tinglanishini aytib o‘tdi.

Olimlar o‘z ma’ruzalarida ilmiy tadqiqotlar doirasida erishilgan natijalar, ularning respublika miqyosda amaliyotga tadbiqi, samaradorlik hamda tayyorlanayotgan ilmiy kadrlar, Skopus jurnalida chop qildirgan maqolalari haqida ham ma’lumotlar berishdi. Seminar savol-javob va qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi.

Seminar davomida akademik B.S.Yuldashev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-30-noyabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomidagi topshiriqlari ijrosi doirasida Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi Raxmanova Yulduzxonni “Xiva shahri tarixi” va “История Хивы” asarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2018- yil 20-iyul kuni O‘zR FA Yadro fizikasi institutida o‘tkazilgan uchrashuvi berilgan vazifalar ijrosi bo’yicha Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi Qudrat Masharipovni Jaloliddin Manguberdining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Jaloliddin Manguberdi – buyuk vatanparvar sarkarda” nomli kitobini chop qilinganligi bilan tabriklab minnatdorchilik bildirdi.

Seminar yakunida akademik B.S.Yuldashev ilmiy tadqiqotlar hudud muammolari yechimiga qaratilishi, olingan natijalar ishlab chiqarishga tadbiq etilsagina mamlakatimiz ilm-fani jahon standartlariga ko‘tarilishini ta’kidladi. Olingan ilmiy natijalarga bag’ishlangan maqolalarni nufuzli Scopus, Web of science va boshqa bazalarga kiritilgan xalqaro jurnallarda chop etishni kuchaytirish, tijoratlashtirish asosida mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissasini qo‘shish lozimligi haqida to‘xtaldi. Shuningdek, yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash orqali mamlakatimiz ilm-fanini yanada rivojlantirish dolzarb masalalardan ekanligini ta’kidlab, yetakchi olimlarni bu borada faollikka chaqirdi.