Аlisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida yangi koʼrgazma tashkil etildi

O’zR FA Аlisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida buyuk shoir va mutafakkir Аlisher Navoiy yashagan davr, shoir hayoti, ijodi va adabiy muhiti, ustozlari va izdoshlari haqida hikoya qiluvchi asarlarning qoʼlyozma va nashr nusxalari haqida atroflicha maʼlumot beruvchi adabiy-badiiy koʼrgazma ochildi. Koʼrgazma Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yilning 19-oktyabrda “Buyuk shoir va mutafakkir Аlisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash toʼgʼrisida”gi PQ-4865 sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.

    

Koʼrgazma muzeyning ikkinchi qavatidan oʼrin olgan boʼlib, unda shoir asarlarining nodir qoʼlyozma-manbalari, toshbosma kitoblar, turli yillarda yaratilgan miniatyuralarni koʼrish mumkin. Bundan tashqari, Davlat adabiyot muzeyi tashkil etilganidan buyon mavjud boʼlgan qimmatli tasviriy sanʼat namunalari bilan birgalikda, yaqinda muzey fondini boyitgan ijodiy tasviriy sanʼat namunalari ilk bor namoyish etilmoqda.

  

  

Koʼrgazmani boyitgan yana bir narsa shundaki, oxirgi yillarda yurtimizda va dunyoning turli nuqtalarida saqlanayotgan qoʼlyozmalar, ularning faksimil nusxalari, nashr etilgan Navoiy asarlari, navoiyshunoslikka oid ilmiy adabiyotlar, ilmiy-tanqidiy matnlar va Davlat adabiyot muzeyining bir qator olimlari tomonidan chop etilgan kitoblar va kataloglar oʼrin olgan. Xususan, “Hamsa”ning 1904-yil Toshkentda O.А.Partsev tipografiyasida chop etilgan nusxasi, shior lirik merosining Qozon, Moskva, Turkiyada nashr etilgan kitoblari, “Muhokamatu-l-lugʼatayn”ning matnshunos olim Yu.Tursunov tomonidan tuzilganilmiy-tanqidiy matni kabi asarlarni koʼrish mumkin.

   

Muzey ekspozitsiyada shu paytgacha Chingiz Аxmarovning “Navoiy lirikasiga monemuntal dekorattsiya” hamda “Yetti goʼzal” portreti, M. Voronskiyning Navoiyning “Hamsa” dostoniga ishlagan “Shahzoda ovda” miniatyurasi alohida ahamiyat kasb etgan boʼlsa, bugun bu yerda Temur Sagdullayevning “Sabʼai-sayyor” dostoniga ishlangan Bahromning miniatyurali tasvirlarini, Аbduhakim Karimovning “Qaro koʼzum” , “Farhod va Shirin”, “Laylining tushi”, “Layli va Majnun”, “Lison-ut tayr” kabi betakror sanʼat namunalarini koʼrish mumkin.

Bundan tashqari, oʼzbek xalqining ulugʼ navoiyshunoslari Hamid Sulaymonov, akademik Аziz Qayumov, Oʼzbekiston Qahramoni Suyuma Gʼaniyeva, professor Saidbek Hasanov protretlari ham oʼrin olgan.

Koʼrgazma yil oxirigacha muzeyga tashrif buyuruvchilar uchun xizmat koʼrsatadi.